Image
Yuklanmoqda
Image

Asanov Dilshod

Serjant

Dilshod Asanov 1975 yil 31 martda Farg'ona shahrida tug'ilgan. Shahardagi 25-umumta'lim maktabida tahsil olgan. 1993 yilda O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qo'shinlarida xizmatni boshlagan. 2000 yilning avgust oyida Surxondaryo viloyati tog'li hududlaridagi chegaralarimiz orqali suqilib kirgan bosqinchi to'dalar bilan bo'lib o'tgan jang chog'ida halok bo'lgan. Bolaligida sho'x, o'yinqaroq bo'lgan Dilshod ulg'aygan sayin uning ruhiyatida vazminlik, fe'l-atvorida jiddiylik paydo bo'la boshladi. Uning qarashlari teran, fikri tiniq edi. Dilshodbek maktabni bitirib, hunar bilim yurtiga o'qishga kirdi. Bu davrda uning qalbida bir maqsad – harbiy kasbni tanlash orzusi tug'ildi. Buning uchun bilim, jismoniy tayyorgarlik, ma'naviy etuklik, metin Iroda va jasorat zarur ekanini Dilshodbek yaxshi his etardi. Farzandining bu niyati ota-onani quvontirdi. Jumaboy ota va Xolidaxon aya qo'llarini duoga ochib ko'zlarining oqu-qorasiga "oq yo'l" tiladi. "Bolam, aqlan va jismonan sog'lom yigitning zimmasidagi muqaddas burchlaridan biri, shubhasiz, ona Vatan oldidagi harbiy xizmatdir", dedi Jumaboy ota o'g'lini kuzata turib. Dilshod 1993 yil O'zbekiston Qurolli kuchlari safiga qabul qilindi. Endi u hayotini, taqdir yo'llarini g'oyat mas'uliyatli va sharafli ish bo'lgan Vatan himoyasi bilan bog'ladi, hamisha el-yurt ishonchini oqlashga intildi. Yurtimiz sarhadlarini qo'riqlar ekan, unga daxl qilishi mumkin bo'lgan har qanday kimsa yoki xatti-harakatni e'tibordan chetda qoldirmadi. Muqaddas hadislarda "Alloh g'ayratli odamni yaxshi ko'radi" deyilgan. Donishmandlar "qo'l yurak quvvatiga tobedir, uning yuragida botirlik kuchi bor" yoki "jang paytida arzimas narsalar haqida o'ylashdan ko'ra engish haqida o'ylash afzal", deydi. Dilshodbek Asanov qalbiga, yuragiga jo bo'lgan vatanparvarlik, ona yurtiga sodiqlik tuyg'usi unga kuch berardi. U komandirlar buyrug'iga so'zsiz amal qilar, ularning tajribasidan harbiy taktik bilimlarini mustahkamlash barobarida hayotiy saboqlarni ham o'zlashtirardi. Dilshodbek egniga yarashib turgan harbiy libosda shaxdam qadamlar bilan o'zi tug'ilib o'sgan ko'chadan o'tayotganida uni otaxon va onaxonlar "sen va senga o'xshaganlar tufayli uyqularimiz osuda", deya duo qilar, yigitchalar "men ham ulg'aysam sizday harbiy bo'laman", deb niyat qilar edi. 2000 yilning avgust oyi. Surxondaryo viloyati tog'li hududlaridagi chegaralarimiz orqali mamlakatimizga suqilib kirgan bir to'da bosqinchilar bilan shiddatli jang kechdi. Bunda Dilshod kabi Botir o'g'lonlar o'z xizmat burchlariga sodiq qolib, g'animlarning g'ayrli niyatlarini puchga chiqardi – dushmanlar er bilan yakson etildi. Jang betalofat bo'lmadi, ona yurtimizning har bir qarich erini muqaddas bilib, uni asrab-avaylashga qasamyod etgan bir necha mard o'g'lonlar qatorida serjant Dilshodbek Asanov ham mardlarcha halok bo'ldi. Dilshod ayni navqiron 23 yoshida Vatan tinchligi va osoyishtaligi yo'lida qurbon bo'ldi. Mana o'n sakkiz yildirki, u ta'lim olgan umumta'lim maktabi jamoasi 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni va 9 may – Xotira va qadrlash kuni Vatanimizning mard o'g'lonini sharaflash tadbirini o'tkazib kelmoqda. Yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg'ularini yuksaltirish, yosh qahramon nomini abadiylashtirish maqsadida maktabda xotira burchagi tashkil etilgan. Dilshod tug'ilib o'sgan ko'cha uning nomi bilan ataladi. Mahalla ahli uning porloq xotirasini hamisha yodda tutib, oilasiga ko'mak berib kelmoqda. Mard keldingmi, mard ketgil, deydi donolar. Bizning saodatli kunlarimiz, osoyishta hayotimizni ta'minlashda fidoyilik ko'rsatgan tanti o'g'lon – Dilshod Asanov xotirasi ham aslo unutilmaydi.