Image
Yuklanmoqda

Temir yo‘l vokzali

Muzeyimiz Ikkinchi jahon urushi davridagi harbiy-sanitar poyezdining ichkari qismida bo‘lish imkonini beradi.

Image

Sanitar poyezdlari bu – urush tarixining maxsus sahifasidir. Ushbu poyezdlar g‘ildirakli gospitallar bo‘lib, u yerda jarrohlik stolining atrofida ko‘plab shifokor va hamshiralar hordiq nimaligini bilmasdan kun-u-tun faoliyat olib borardi. Bu kabi poyezdlar urush davrida millionlab bemor va yaradorlarni evakogospitallarga, shuningdek O‘zbekistonda joylashgan evakogospitallarga olib borgan.

Harbiy-sanitar poyezdi og‘ir va yengil yaralangan bemorlar uchun maxsus jihozlangan vagonlar, izolyator, dorixona-bog‘lov punkti, oshxona va boshqa xizmat vagonlaridan iborat bo‘lgan.

Jangda yaradorlarni o‘z vaqtida evakuatsiya qilish muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Jang maydonida bironta ham yaradorni qoldirmaslik qonun edi. Poyezdlar front chizig‘iga bevosita yaqin hududda harakatlangan bo‘lib, sanitar va hamshiralar jang maydonlaridan kelgan yarador jangchilarni qabul qilishgan, ularning qon bilan qoplangan gimnastyorka va shimlarini yechib, o‘q teggan, qon to‘lgan etiklarini qirqib, yaralariga ishlov berishgan, jarrohlik stolida jarrohlar zudlik bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan jarrohlik amaliyotini o‘tkazishgan.

Har bir hamshiraga 165 nafardan yarador to‘g‘ri kelgan. Yuklangan poyezdlarda amalda hech kim uxlamagan. Har tong shifokor ko‘rigi, muolajalar, bog‘lov ishlari, ovqatlanish, vagonda tozalikka rioya qilish tadbirlari o‘tkazilgan. So‘ngra yaradorlarga xat yozishga ko‘maklashishgan va ushbu xatlarni ularga o‘qib berishgan.

Qizil xochning aniq belgilariga qaramasdan, fashist uchuvchilari urushning ilk kunlaridanoq harbiy-sanitar poyezdlarini ta’qib qilgan. Faqat 1941-yilning o‘zida sanitar poyezdlariga 224 ta hujum uyushtirilgan.

Image
Barelyeflar

Sanitar poyezdlar har bir front va har bir armiya tibbiyot xizmatiga kerak bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida harbiy-sanitar poyezdlari frontning oldingi chiziqlaridagi eng shiddatli jang olib borilayotgan joylardan va jang o‘choqlaridan yorib o‘tib, millionlab yaradorlarni qutqargan, tibbiyot xodimlari esa dushman artilleriya zarbalari va aviahujumlari ostida jangchilar hayotini saqlab, qat’iyat va qahramonlik ko‘rsatgan.