Katta serjant
T A R J I M A I H O L
Katta serjant Otajonov Elomon Xolmurodovich 1978- yil 17- sentabrda Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida dehqon oilasida dunyoga kelgan.
1995- yilda Sirdaryo tumanidagi 2- umumta’lim maktabini tamomlagan. Ayniqsa, adabiyot faniga qiziqishi katta edi. Voleybolni juda yaxshi o‘ynardi.
Elomon mexanik haydovchilar tayyorlash kursini o‘qib, bir yarim yil sovxozda mexanizator bo‘lib ishlagan.
1997- yil uydagilariga bildirmay, tuman mudofaa ishlari bo‘limiga ariza yozib Qurolli Kuchlar muddatli harbiy xizmatni o‘tay boshlagan.
1999-2000 - yillar Serjantlar tayyorlash maktabida o‘qigan.
2000- yilda Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlarida Vatanimiz sarhadlariga suqilib kirgan xalqaro terrorchi to‘dalarga qarshi kurashda qahramonlarcha halok bo‘lgan.
X I Z M A T F A O L I YA T I
1997-1998- yillar O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatchi. 1999-2000- yillar Serjantlar tayyorlash maktabi kursanti.
2000- yil Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi harbiy qismning shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchisi.
H A R B I Y U N V O N L A R I
1997-1998- yillar – muddatli harbiy xizmatchi
1998-1999- yillar – SHBHX oddiy askar
2000- yil – kichik serjant
2000- yil – katta serjant
J A S O R A TI
Katta serjant Elomon Otajonov 2000- yil Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlarida bo‘lgan jangovar harakatlarda minomyotchilar batareyasi guruh komandiri vazifasida terrorchilarga qarshi janglarda ishtirok etgan.
Razvedka qidiruv harakatlari olib borilayotgan vaqtda dushman pistirmasidan otilgan o‘q uni yaralagan, katta serjant E.Otajonov yarador holida dushman joylashgan hududni yakson qilish bo‘yicha o‘z komandiriga nishon ko‘rsatmasi berishga ulgurgan. Uning ko‘rsatmalari bilan jangarilar guruhi yakson etilgan.
Dushman tomonidan uzilgan ikkinchi o‘q Elomon ahvolini og‘irlashtirishi oqibatida qahramonlarcha halok bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000- yil 25- avgustdagi Farmoniga muvofiq vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
Shunindek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 20 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga 30 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
Uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani hokimining qarori bilan Elomon Otajonovning nomini abadiylashtirish maqsadida tumandagi ko‘chalardan biriga uning nomi berilgan.