
Azal-azaldan mehnatkash va xalqparvar xalqimiz umumxalq hashari yo‘li bilan vatanparvarlikka yo‘g‘rilgan fazilatlarni namoyon etib, mahalla va ko‘chalarni obod qilish, oilalar farovonligini mustahkamlash, mehr-oqibat kabi insoniy tushunchalarni yosh avlod qalbiga singdirib kelgan. Yurtimizda bunday ezgu qadriyatlarga kun sayin katta e’tibor qaratilib, bu kabi amaliy ishlar o‘z tasdig‘ini topmoqda. Jumladan, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hududida ham har yili ana shu kabi ezgu maqsadlar yo‘lida turli xil ommaviy tadbirlar ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkaziladi. Yurtimizning barcha shahar va tumanlarida “Yurt obodligi, avvalo mahalladan boshlanadi” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hashari “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasida ham erta tongdan o‘zgacha shukuhda o‘tkazildi. Tarix va bugunni bog‘lab turuvchi, ajdodlarimizning vatanparvarligi va mardligidan hikoya qiluvchi ushbu majmuadagi barcha texnikalar ko‘zdan kechirilib, mavjud yodgorlik kompozisiyalari maxsus suyuqliklar yordamida tozalandi. Hududlaridagi manzarali daraxtlarning yerlari yumshatilib, zarur bo‘lgan o‘g‘itlar bilan to‘yintirildi. Shu bilan birga, majmuaning har bir hududida tozalash ishlari olib borildi. Alohida ta’kidlash joizki, ushbu qutlug‘ maskanga tashrif buyurayotgan yurtdoshlarimiz uchun yanada kengroq imkoniyat yaratish va ularning madaniy hordiq chiqarishlari uchun Piknik hududi tashkil etilmoqda. Hashar yo‘li bilan mazkur hudud uchun zarur bo‘lgan xom ashyolar belgilangan joylarga o‘tkazilib, tozalash ishlari zo‘r shiddat bilan amalga oshirildi. Shu o‘rinda aytish joziki, o‘zbek xalqining qadimiy, beg‘araz yordam va hamjihatlikka asoslangan ijtimoiy an’anasi bo‘lgan hashar, odamlarning ko‘ngilli ravishda, jamoa bo‘lib muayyan ishlarni tezkor va birgalikda bajarishidir. U o‘zaro yordam, do‘stlik va mehnatsevarlikni tarbiyalaydigan muhim qadriyat hisoblanadi. Bu kabi sa’y-harakatlar davom etmoqda.