Image
Yuklanmoqda
Image
2026-04-24

Ikkinchi jahon urushi: yangi tadqiqotlar va tarixiy ma’lumotlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yuksak darajada o‘tkazildi

Joriy yilning 24-aprel kuni “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi huzuridagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida “Ikkinchi jahon urushi: yangi tadqiqotlar va tarixiy ma’lumotlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xalq diplomatiyasi markazi, “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi hamda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi va a’zolari, O‘zbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xalq diplomatiyasi markazi rahbariyati, Mudofaa vazirligi mas’ul ofiserlari, tarixchi olimlar, Italiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi hamda italiyalik bir guruh mutaxassislar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya avvalida ishtirokchilar tomonidan majmua hududidagi “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gulchambar qo‘yildi.

Konferensiyaning ochilishida dastlab mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev so‘zga chiqib, barcha konferensiya ishtirokchilariga ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirishda qo‘shib kelayotgan beminnat hissalari uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi.

Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda yurtimizda Ikkinchi jahon urushida yuksak jasorat ko‘rsatgan, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan, fidokorona mehnatlari bilan front ortida chinakam insoniylik fazilatlarini namoyon etgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida ertamiz egalarini ona Vatanga sadoqat ruhida voyaga yetishlarida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Konferensiyada soha mutaxassislari va tarixchi olimlar o‘z ilmiy ishlari va ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Jumladan, Ikkinchi jahon urushida milliy harbiy tuzilmalar, o‘zbekistonlik jangchilarning ma’naviy-ruhiy qiyofasi: vatanparvarlik va jangovar an’analar, Ikkinchi jahon urushi davrida harbiy san’at takomillashuvi jarayonlari va yakuniga ta’siri, urushning dastlabki yillarida O‘zbekiston xalqining mehnat jasorati: g‘alabaning iqtisodiy poydevorini yaratish omillari, yapon militaristlari ustidan erishilgan g‘alabaga O‘zbekiston jangchilarning qo‘shgan hissasi, o‘zbek partizan jangchilarining qahramonliklari tarixiy manbalarda (Belarus Respublikasi muzeylari va arxiv materiallari asosida), Stalingrad jangi – o‘zbekistonliklarning jasorat maydoni, kabi ko‘plab mavzularda ma’ruzalar va aniqlangan yangi ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, Italiyada nashr qilingan “IL Contributo del popolo Dell’ Uzbekistan alla vittoria nella seconda guerra mondiale” (O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi) kitob-albomining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Belarus Respublikasi Milliy arxivi direktori o‘rinbosari, tarix fanlari nomzodi Svyatoslav Valentinovich Kulinokning “Urush yillarida Belarus hududidagi partizanlik harakatida o‘zbekistonliklarning ishtirokiga oid hujjatlar” hamda “Jasorat va xotira” xalqaro tadqiqot guruhi direktori, O‘zbekiston Milliy universiteti tadqiqotchisi David Arkadyevich Kalontarovning “O‘zbekistonga evakuatsiya jarayonida inson omili va Farg‘ona vodiysi yahudiylari (1941-1945 yy.)” mavzularidagi video murojaatlari namoyish etildi.

Konferensiya so‘ngida faol ishtirokchilarga sertifikatlar, xorijlik mehmonlarga esdalik sovg‘alari hamda “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga 5 yil” esdalik yubiley medallari tantanali ravishda topshirildi.