
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 34 yilligi hamda 14-yanvar Vatan himoyachilari kunini munosib nishonlash maqsadida Mudofaa vazirligi tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu kabi sa’y-harakatlar Qurolli kuchlarimizning barcha kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda harbiy vatanparvarlikni targ‘ib etuvchi, yoshlarni ona vatanga bo‘lgan mehr va muhabbatlarini yanada kuchaytirib, buyuk ajdodlarimizga munosib davomchi bo‘lish kabi g‘oyalar ilgari surilganligi bilan ahamiyatlidir. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi davlat Bojxona qo‘mitasi hamda “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamkorligida “Millat fidoiylari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Keng jamoatchilik vakillari, mas’ul ofiserlar, Bojxona instituti kursantlari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etgan tadbir barchaga vatan tinchligi naqadar oliy baxt ekanini yana bir bor his qildirdi. Ayniqsa, yurtimiz sarhadlarini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan bojxona qo‘mitasi harbiy xizmatchilarining farzandlari tomonidan ijro etilgan vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan “Millat fidoiylari” kitobida nomlari zarhal harflar bilan bitilgan, ona vatan osoyishtaligi uchun o‘z jonidan kechgan mard va jasur o‘g‘lonlar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar so‘zlab berildi. Tadbir davomida “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi rahbariyatiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi tomonidan chop etilgan “Iqtisodiy xavfsizlik” kitobi taqdim etildi. Ushbu kitob “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondini boyitishda, shuningdek, bo‘lajak bojxona xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.