

Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali ravishda kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir yurtimiz tinchligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida xizmat qiladigan navbatdagi avlod vakillarini sharaf bilan safga kuzatish ruhida tashkil etildi. Mazkur marosimda Mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan tashkillashtirilib, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga xizmatga jo‘natilayotgan yoshlarni tantanali ravishda kuzatish tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda 150 nafar chaqiriluvchi, ularning ota-onalari, yaqinlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar yigitlarga Vatan oldidagi muqaddas burchni sadoqat, jasorat va mas’uliyat bilan ado etish, harbiy intizomga qat’iy amal qilish hamda xalqimizning buyuk ajdodlari – Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur va Jaloliddin Manguberdi kabi sarkardalar jasoratiga munosib bo‘lish zarurligini ta’kidladilar. Tantanali marosim davomida yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, yurt himoyasiga tayyorlik tuyg‘ulari yana bir bor mustahkamlandi. Ota-onalar esa farzandlarini sharafli harbiy xizmatga kuzatar ekan, ularning Vatan himoyachisi sifatida kamol topishiga ishonch bildirdilar. Bunday tadbirlar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mas’uliyat va fidoyilik tuyg‘ularini shakillantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun safga qo‘shilayotgan poytaxtimiz o‘g‘lonlari ham yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini himoya qilish yo‘lida munosib xizmat qilishiga ishonchlari katta.





