
Ma’lumki, yurtimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk salohiyatli kadrlar qilib tayyorlash, ularning o‘z hohish-istaklarini inobatga olgan holda shart-sharoitlar yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, kuni kecha “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimi ham yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan dalolatdir. Ushbu kechada Andijon viloyatidagi “Smart Zone” ta’lim markazi tomonidan o‘tkazilgan xalqaro tanlov g‘oliblariga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi. Ushbu tanlov yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bilan birga, yoshlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va kelgusida o‘z orzu-maqsadlari yo‘lida keng imkoniyatlardan foydalanishga zamin yaratdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur tanlovda ishtirokchilar Mental arifmetika, Matematika, Ingliz tili, Rasm chizish, Tezkor o‘qish va chiroyli yozish yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdilar. Gʻolib bo‘lgan o‘quvchilarga sertifikatlar topshirildi. Ushbu tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etgan ota-onalar, farzandlarining yutuqlari va yurtimizda yosh avlodni barkamol qilib voyaga yetishlarida yaratilayotgan imkoniyatlardan minnatdor ekanliklarini ta’kidlashdi. Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchi mehmonlar uchun “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi rahbariyati tomonidan ekskursiya tashkil etilib, ushbu maskandan o‘rin olgan buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirishda olib borilayotgan samarali ishlar va ekspozisiyalar xaqida mutaxassislar tomonidan atroflicha ma’lumotlar berildi. Bu esa, o‘z o‘rnida ertamiz egalarini vatanga munosib tarzda voyaga yetishlarida muhim ahamiyatga egadir.