Image
Yuklanmoqda
Image
2025-11-18

Tinchlikdan berib xabar, yurtim bayrog‘i samo uzra hilpirab tursin!

        Poytaxtimizning Yashnobod tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Fedin Fyodor Semyonovich barcha yurtdoshlarimizni 18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun bilan muborakbod etdilar.
       - Men jonajon vatanimizda istiqomat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni davlatimiz ramzi bo‘lgan, faxrimiz, g‘ururimiz va qudratimizni o‘zida namoyon etgan Davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun bilan chin yurakdan muborakbod etaman, – deydi ko‘zlarida quvonch yoshlari bilan otaxon. Men O‘zbekiston farzandiman, shu go‘zal diyorda baxt topdim, qadr topdim. Muhtaram Prezidentimiz shaxsan o‘zlari har yili biz urush faxriylari bilan uchrashib, dildan suhbat quradilar, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlaydilar. Bu hurmat, bu ehtirom biz keksalarga yanada kuch va shijoat bag‘ishlaydi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi rahbariyati, “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi jamoasi ham doim biz faxriylar holidan xabar olib, yoshlar ishtirokida vatanparvarlik g‘oyasi ostida uchrashuvlar o‘tkazishadi. Bu esa, biz keksalar uchun g‘urur va faxrdir. Tilagim, mehridaryo O‘zbekistonimiz tinchligi abadiy bo‘lsin.  Yurtimiz bayrog‘i yanada yuksaklarda xilpirab tursin! 
Bugun 98 yoshni qarshilayotgan otaxon ayni yigitlik chog‘ida bosib o‘tgan olovli yo‘llari haqidagi hikoyasi bilan o‘rtoqlashdi. Fyodor Semyonovich 1927-yilda Rossiyaning Mordoviya o‘lkasida tug‘ilgan. 1944-yilda armiyaga chaqirilib, Minsk shahri yaqinidagi jangda qatnashgan. Urushda aloqachi va instruktor vazifasini bajargan Fedin Fyodor Semyonovich 1944-yil
2-Belorussiya fronti tarkibida, keyin esa Uzoq Sharq fronti tarkibida Kvantun armiyasiga qarshi qonli janglarda ishtirok etgan. 1949-yilda Toshkent shahriga kelib, aviatsiya zavodida faoliyat yuritib, ko‘plab mehnat mukofotlarini qo‘lga kiritgan. Oradan biroz vaqt o‘tib qahramonimiz Valentina Ivanovna bilan tanishib qoladi va oila quradi. –Men baxtimni Toshkentda topdim, – deya e’tirof etgan otaxon suyukli rafiqasi bilan ikki qizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Har bir soniyada o‘lim sharpasi soya solib turadigan urush so‘qmog‘idan omon qaytgan Fyodor Semyonovich O‘zbekiston diyorida dorilomon kunlarga yetib kelgani va baxtli xayot kechirayotganidan mamnun ekanini e’tirof etdi. 
Yoshlarga aytar so‘zim shuki, - deydi o‘z so‘zida otaxon – Yurtni seving, uni hamisha ardoqlang, unga sadoqat bilan xizmat qiling. Ana shundagina har bir kunimiz bayram, shodu-xurramlik bilan o‘tadi.